O‘zbekiston metropoliteni yo‘lovchilar tashish hajmini 7 foizga oshirdi
O‘zbekiston metropoliteni yo‘lovchilar tashish hajmini 7 foizga oshirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston metropoliteni 155,6 million nafar yo‘lovchi tashidi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda metropoliten xizmatlaridan 286,8 million nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu 2000 yilga nisbatan 161,1 million nafarga yoki qariyb 2,3 barobarga ko‘pdir. 2000 yilda yo‘lovchi tashish hajmi 125,7 million nafarni tashkil etgan.
2000 yildan keyin yo‘lovchilar oqimi bosqichma-bosqich kamayib borib, 2015 yilda eng past ko‘rsatkich — 52,3 million nafarga yetgan.
2017 yildan boshlab yo‘lovchilar soni yana o‘sishni boshlagan. Xususan, 2017 yilda 61,6 million nafar, 2019 yilda esa 79,2 million nafar yo‘lovchi tashilgan.
2020 yilda COVID-19 pandemiyasi fonida yo‘lovchi tashish hajmi 38,8 million nafargacha qisqargan.
Pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilingach, yo‘lovchilar oqimi tez surʼatlarda tiklana boshladi. 2021 yilda metro 101,8 million nafar, 2022 yilda 136,7 million nafar, 2023 yilda esa 172 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Eng yuqori o‘sish 2024 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha yili yo‘lovchilar soni 270,3 million nafarga yetgan. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 286,8 million nafarga chiqib, kuzatuv davridagi eng yuqori natija sifatida qayd etilgan.