Toshkent aeroportida qariyb 34 kg giyohvandlik moddasi ushlandi
Toshkent aeroportida qariyb 34 kg giyohvandlik moddasi ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida bojxona organlari xodimlari Tailanddan katta miqdorda giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga bo‘lgan urinishga chek qo‘ydi. Noqonuniy muomaladan qariyb 34 kg taqiqlangan moddalar olib qo‘yildi.
Bojxona organlari maʼlumotiga ko‘ra, yukning yo‘nalishini yashirish maqsadida tranzit sxemasi tashkil etilgan. Kuryerlar Tailand bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadan qochib, Vyetnam, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari va Hindiston orqali O‘zbekistonga yo‘l olgan.
Taqiqlangan moddalar bo‘lgan bagaj xorijdagi bir nechta aeroportlarda tekshiruvdan o‘tgan. Biroq giyohvandlik vositalari faqat Toshkentga yetib kelganidan so‘ng aniqlangan.
Yukni niqoblash uchun kundalik isteʼmol tovarlarining qadoqlaridan foydalanilgan. Taqiqlangan moddalar quruq sut va ziravorlar qadoqlari, shokoladli pasta solingan bankalar, shuningdek, shampun flakonlariga yashirilgan.
O‘zbekiston bojxona xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida taqiqlangan yukni mamlakat hududiga olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi.