Toshkent aeroporti avtoturargohlari auktsionga qo'yildi
Toshkent aeroporti avtoturargohlari auktsionga qo'yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Uzbekistan Airports" kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi avtoturargohlarni ijaraga berish huquqi bo‘yicha E-auksion.uz elektron platformasiga lot joylashtirdi.
Xususan, gap umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan va jami 1,5 mingga yaqin avtomobil sig‘adigan oltita avtoturargoh (P1, P3, P4, P5, P7, P8) haqida bormoqda. Turargohlar hududi 3 yil muddatga ijaraga beriladi va bu nafaqat boshqaruvni, balki infratuzilmani to‘liq rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
Loyiha yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirishga yo‘naltirilgan: hududda raqamli navigatsiya, bo‘sh joylar mavjudligini ko‘rsatuvchi tablolar, qo‘shimcha to‘lov usullari va elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari paydo bo‘ladi. Bo‘lajak operator turargohlarni tunu kun ekspluatatsiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatish va qo‘riqlash, shuningdek, rekonstruksiya, kengaytirish va obodonlashtirish ishlariga investitsiya kiritish majburiyatini oladi.
Asosiy talab — to‘liq raqamlashtirish: boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, raqamlarni tanish tizimi, shlagbaumlar o‘rnatish, qulay to‘lov usullarini (jumladan, onlayn) taklif qilish hamda joylarni band qilish imkoniyati bo‘lgan mobil servisni ishga tushirish.
Ijara haqi ikki qismdan iborat bo‘ladi: belgilangan qat’iy summa (auksionda aniqlanadi) va o‘zgaruvchan qism — tushumning 5% miqdorida. Shu bilan birga, operator hisobotlar va hisobga olish tizimlariga kirish huquqini taqdim etgan holda ish faoliyatining shaffofligini ta’minlashi shart.
Ijarachilarga qo‘yiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari bilan saytdagi ushbu lot ostida batafsil tanishish mumkin.
Lot uchun boshlang'ich narx yiliga 48,78 milliard so'm etib belgilangan. Auktsion davomida narx avvalgi taklifdan kamida 5% ga oshishi mumkin. Ishtirok etishning barcha shartlari va qoidalari hamda ijarachilar talablari E-auksion platformasida mavjud.