Turizm

Tailand ko‘rib chiqadi: o‘zbekistonliklar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin

Tailand ko‘rib chiqadi: o‘zbekistonliklar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin
Tailand ko‘rib chiqadi: o‘zbekistonliklar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin / Foto: Videodan olingan kadr.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Tailand O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu taklifni 9 noyabr kuni Viza siyosati bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishiga kiritish rejalashtirilgan. Bu haqda The Nation Thailand nashri xabar berdi.

Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pancharoyenvorakulning maʼlum qilishicha, qo‘mita mazkur tashabbusning mamlakat xavfsizligi va iqtisodiyotiga ehtimoliy taʼsirini baholaydi. Vazirlik xavfsizlik nuqtai nazaridan past xavfli deb hisoblangan mamlakatlardan keluvchi sayyohlar uchun vizasiz kirish imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Tailand Turizm boshqarmasining Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Afrikadagi xalqaro marketing bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Chiravandi Kxunsub ayrim yo‘nalishlarda mamlakatga kirish bilan bog‘liq jiddiy qiyinchiliklar saqlanib qolayotganini taʼkidladi.

Xususan, xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolari avval elektron viza rasmiylashtirishning murakkab tartibiga duch kelgan. Maʼlum qilinishicha, bu jarayon Tailandning Rossiyadagi elchixonasi orqali amalga oshirilgan. Byurokratik to‘siqlar tufayli mahalliy sayyohlik agentliklari Tailandga turpaketlar sotishdan voz kechib, Vyetnam kabi muqobil yo‘nalishlarga eʼtibor qarata boshlagan.

Avvalroq Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qilgan edi. 15 sentyabrdan boshlab o‘zbekistonliklar mamlakatga safar qilish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishlari kerak.

15 kunlik vizasiz kirishni joriy etish to‘g‘risidagi taklif hozircha ko‘rib chiqish bosqichida. Yakuniy qaror Viza siyosati bo‘yicha qo‘mita baholashi natijalariga bog‘liq. Yangi rejim kuchga kirishi mumkin bo‘lgan sana hozircha maʼlum qilinmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.