Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Xasanovning chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va ushbu sohadagi xizmatlar uchun to‘lovlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan parlament so‘roviga bergan javobi ko‘rib chiqildi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2019–2025 yillarda O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar poligonlaridan 54 tasi rekultivatsiya qilindi. Natijada 262,8 gektar yer tabiat ixtiyoriga qaytarildi. Respublikadagi 8 992 ta mahallaning 8 042 tasi sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olingan.
Sanitariya tozalash korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida ixtisoslashtirilgan texnika vositalari soni oshirildi. Mamlakat bo‘yicha ushbu korxonalar ixtiyorida 4 606 ta texnika birligi mavjud. Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish uchun 4 376 ta maydoncha jihozlanib, 39 401 ta konteyner o‘rnatildi. Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, bu yana 600 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratdi.
Ishning alohida yo‘nalishi chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Mamlakatda umumiy qiymati 933 mln dollar bo‘lgan oltita yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ushbu loyihalar doirasida 461,3 mln dollar o‘zlashtirilgan.
Zavodlarni 2027 yilning birinchi yarmida ishga tushirish rejalashtirilgan. Ular foydalanishga topshirilgach, har yili 3,6 mln tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash va 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyihalar amalga oshirilishi natijasida yiliga 400 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi, issiqxona gazlari chiqindilari 800 ming tonnaga qisqarishi va 1 000 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun 9 061 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, 75 569 ta ko‘cha, 227 ta poligon va 3 548 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi bo‘yicha geografik maʼlumotlar ham shakllantirilgan. GPS monitoring tizimiga chiqindi tashuvchi 3 918 ta ixtisoslashtirilgan texnika ulangan, 1 483 ta maydonchada esa videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Parlament so‘roviga berilgan javobda 2025 yil noyabr oyidan boshlab chiqindi olib chiqish xizmatlari uchun qarzdorligi bo‘lgan abonentlarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning 2100 raqami orqali SMS-xabarnomalar yuborish yo‘lga qo‘yilgani ham qayd etilgan.
Shu bilan birga, deputatlar ayrim muammolar saqlanib qolayotganiga eʼtibor qaratdi. Xususan, amalda ko‘rsatilmagan sanitariya tozalash xizmatlari uchun qarzdorlik hisoblanishining oldini olish, SMS-xabarnomalarni yuborishdagi texnik xatolarni bartaraf etish va ushbu sohada nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, deputatlar agentlikni sanitariya tozalash korxonalari xizmatlari sifatini oshirish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga chaqirdi. Ikkilamchi resurslardan energetika resurslari, xomashyo va materiallar ishlab chiqarish ustuvor vazifalar qatorida qayd etildi.
Javobni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha deputatlar ekologik talablarga rioya etilishi, aholi salomatligini muhofaza qilish va hududlarning sanitariya holatini yaxshilash ustidan parlament nazoratini yana-da kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktorining javobi maʼlumot uchun qabul qilindi.