Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida 5,9 million nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilning mos davriga nisbatan xorijga chiqqan fuqarolar soni 132,7 ming nafarga oshgan.
Eng ommabop yo‘nalish Qirg‘iziston bo‘lib, to‘qqiz oy davomida ushbu mamlakatga 2 716 447 nafar O‘zbekiston fuqarosi borgan.
Ikkinchi o‘rinni 1 065 155 nafar fuqaro tashrif buyurgan Qozog‘iston egalladi. Uchinchi o‘rindan esa 983 724 nafar o‘zbekistonlik safar qilgan Tojikiston joy oldi.
Hisobot davrida Rossiyaga 281 571 nafar, Turkiyaga 239 376 nafar O‘zbekiston fuqarosi borgan. Saudiya Arabistoniga esa 209 112 nafar fuqaro tashrif buyurgan.
Eng ko‘p safar qilingan yo‘nalishlar o‘ntaligidan Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Misr va Vyetnam ham o‘rin oldi.
Hisobot davrida Birlashgan Arab Amirliklariga 64 770 nafar, Xitoyga 58 531 nafar, Misrga 45 583 nafar, Vyetnamga esa 36 347 nafar O‘zbekiston fuqarosi safar qilgan.