Soliq qo‘mitasi banklar bilan maʼlumot almashinuvini kengaytirmoqchi
Soliq qo‘mitasi banklar bilan maʼlumot almashinuvini kengaytirmoqchi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning hisobvaraqlari, omonatlari hamda ayrim moliyaviy operatsiyalari haqidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, banklarga jismoniy va yuridik shaxslar nomiga hisobvaraqlar ochilgani haqida soliq organlarini elektron shaklda xabardor qilish, shuningdek soliq nazorati doirasida yuborilgan so‘rovlar asosida tegishli maʼlumotlarni taqdim etish taklif etilmoqda.
Loyihada jismoniy shaxslarning bank kartalariga tushgan mablag‘lar haqida maʼlumot berish tartibi ham nazarda tutilgan. Unga muvofiq, yaqin qarindoshlardan tashqari boshqa jismoniy shaxslar va elektron hamyonlardan bir kalendar oy davomida kelib tushgan pul o‘tkazmalari umumiy hajmi 500 ta bazaviy hisoblash miqdoriga teng yoki undan yuqori bo‘lgan holatlarda bu haqdagi maʼlumotlar soliq organlariga taqdim etiladi. Ayni paytda mazkur chegara 206 million so‘mni tashkil etadi. 2026 yil 1 sentyabrdan bazaviy hisoblash miqdori oshirilishi natijasida ushbu ko‘rsatkich 220 million so‘mga yetadi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy yuridik shaxslar foydasiga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari haqidagi maʼlumotlarni ham soliq organlariga taqdim etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, loyihada bunday maʼlumotlar shaxsiy maʼlumotlar ko‘rsatilmagan holda uzatilishi qayd etilgan.
Qaror qabul qilingan taqdirda, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy ichida «Bank — soliq» modulini yaratish bo‘yicha texnologik yo‘riqnomani tasdiqlashi lozim bo‘ladi. Keyingi to‘rt oy davomida esa banklar va soliq organlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Hujjatning jamoatchilik muhokamasi 8 iyulga qadar davom etadi. Muhokama yakunlangunga qadar loyihadagi barcha qoidalar taklif maqomida qoladi va kelib tushgan taklif hamda mulohazalar asosida o‘zgartirilishi mumkin. Loyiha jamoatchilik muhokamasi tizimiga joylashtirilgan paytda unga 17 ta izoh qoldirilgan bo‘lib, ularning barchasi tanqidiy mazmunda bo‘lgan.