Sindarov Saint Louis Rapid & Blitz turnirida ikkinchi bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Saint Louis Rapid & Blitz turnirida ikkinchi o‘rinni egalladi. U musobaqa g‘olibi, hindistonlik grossmeyster Pragnanandxa Rameshbabudan 1,5 ochko ortda qoldi. Bu haqda Grand Chess Tour matbuot xizmati xabar berdi.
2026 yilgi Grand Chess Tour musobaqasining final bosqichini ochib bergan turnir 31 iyuldan 7 avgustga qadar Sent-Luis shaxmat klubida bo‘lib o‘tdi. Besh o‘yin kuni davomida eng kuchli o‘n nafar grossmeyster tezkor shaxmatda to‘qqizta, blisda esa 18 ta raundda ishtirok etdi. Jami 135 ta partiya o‘tkazildi. Turnir natijalari Sinkfild Kubogi va Grand Chess Tour finali oldidan ochkolar taqsimoti uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Yakuniy jadvalga ko‘ra, Sindarov tezkor shaxmatda 11 ochko, blisda ham 11 ochko to‘plab, jami 22 ochko oldi. Pragnanandxa esa rapidda 12 ochko va blisda 11,5 ochko jamg‘arib, umumiy 23,5 ochko bilan musobaqani yakunladi.
Turnir davomida Sindarov peshqadamni yaqin taʼqib qilib bordi. Pragnanandxa ikkinchi raundning o‘zida birinchi o‘ringa chiqib oldi va musobaqa oxiriga qadar yetakchilikni qo‘ldan boy bermadi. Jahon chempioni unvoni uchun daʼvogar blisning so‘nggi kunida raqibiga bosimni kuchaytirib, uni quvib yetishga harakat qildi. Hal qiluvchi bahs musobaqaning oxiridan oldingi raundida ular o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Pragnanandxaga turnirda g‘alaba qozonish uchun durangning o‘zi kifoya edi va u piyodasiz endshpilni muvaffaqiyatli himoya qilib, kerakli natijaga erishdi. G‘olib turnirning har ikki bosqichida — rapid va blisda — birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada turning yetti nafar doimiy ishtirokchisi — Fabiano Karuana, Javohir Sindarov, Vinsent Keremer, Uesli So, Arish Giri, Pragnanandxa Rameshbabu va Yorden van Forest, shuningdek, maxsus taklifnoma asosida qatnashgan uch nafar shaxmatchi — Leynyer Dominges, Levon Aronyan va Avonder Liang ishtirok etdi.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming dollarni tashkil qildi. Birinchi o‘rinni egallagan Pragnanandxa 50 ming dollar, ikkinchi o‘rindagi Sindarov 40 ming dollar mukofot oldi. Turnirda uchinchi o‘rinni amerikalik grossmeyster Uesli So egallab, 30 ming dollarga sazovor bo‘ldi.
Keyingi o‘rinni 20 ming dollarlik mukofot bilan Levon Aronyan egalladi. Beshinchi–yettinchi o‘rinlarni bo‘lishib olgan Yorden van Forest, Fabiano Karuana va Leynyer Domingesning har biri 12 ming dollardan mukofot bilan taqdirlandi.