O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Shomurodovning goli JCH-2026da eng yaxshi uchlikdan joy oldi

UzDaily tahririyati · 28.07.2026 · 12:25 · 30 views
Shomurodovning goli JCH-2026da eng yaxshi uchlikdan joy oldi

Shomurodovning goli JCH-2026da eng yaxshi uchlikdan joy oldi / Surat: FIFA

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning goli 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining eng yaxshi golini aniqlash uchun o‘tkazilgan ovoz berishda ikkinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblikni Kabo-Verde terma jamoasi himoyachisi Sidni Lopesh Kabral qo‘lga kiritdi.

Kabral o‘z golini Argentinaga qarshi 1/16 final uchrashuvida urdi. U 103-daqiqada jarima maydoni burchagidan Emiliano Martines qo‘riqlayotgan darvozaning yuqori burchagiga zarba berib, hisobni tenglashtirdi. Qo‘shimcha vaqtda Kabo-Verde Argentinaga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Shomurodovning goli DR Kongoga qarshi guruh bosqichidagi uchrashuvda kiritilgan bo‘lib, bahs 1:3 hisobida yakunlangan. 10-daqiqada o‘zbek hujumchisi o‘tkir burchakdan zarba berib, raqib darvozaboni ustidan to‘pni oshirib o‘tkazdi.

Ushbu gol avvalroq jahon chempionati guruh bosqichining eng yaxshi goli deb topilgan edi.

Yakuniy ovoz berishda uchinchi o‘rinni Gaiti terma jamoasi vakili Vilson Izidor egalladi.