7
O‘zbekiston

Rubio: AQSH Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Rubio: AQSH Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi
Rubio: AQSH Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi / Foto: Telegram/SShMirziyoyeva.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan munosabatlarni yana-da faol rivojlantirish niyatida ekanini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil davomida mintaqa amerikalik siyosatchilar tomonidan yetarlicha eʼtiborga olinmagan, biroq hozir vaziyat o‘zgarmoqda. Bu haqda u O‘zbekistonga yetib kelganidan so‘ng jurnalistlarga maʼlum qildi.

Rubio O‘zbekistonni mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega mamlakat deb atab, uning aholi soni, iqtisodiy o‘sishi va kelgusida rivojlanish salohiyatini taʼkidladi.

«Menimcha, O‘zbekiston asosiy rol o‘ynaydi, u mintaqaning tayanch mamlakatidir. Bu aholisi eng ko‘p bo‘lgan mamlakat», — dedi AQSH Davlat kotibi.

U AQSH O‘zbekistondagi ijobiy iqtisodiy o‘sish surʼatlari saqlanib qolishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Uning baholashicha, mamlakat YAIMining o‘sish surʼati yiliga 8 foizga yaqinlashmoqda.

«Agar kelgusi o‘n yil davomida so‘nggi o‘n yillikdagi kabi natijalarga erisha olsangiz, O‘zbekiston haqiqatan ham ajoyib mamlakatga aylanadi. Vaholanki, u hozirning o‘zida ham shunday», — dedi Rubio.

AQSH diplomatiyasi rahbari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga ham eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar AQSHdan, ehtimol, Mayami shahridan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Shu bilan birga, AQSHning ayrim boshqa shaharlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar allaqachon mavjud.

Rubio Vashington O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga intilayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, mintaqa Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi davrda sezilarli natijalarga erishgan va yana-da rivojlanish uchun keng imkoniyatlarga ega.

«Biz aynan shuning uchun bu yerdamiz. Ushbu jarayonga ijobiy hissa qo‘shishni xohlaymiz. Shu sababli o‘zimiz bilan biznes vakillarini ham olib keldik — ular ham mamlakat taraqqiyotida ishtirok etishni istaydi», — deya tushuntirdi u.

Tashrif natijalari va qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning ishtiroki haqidagi savolga javob berar ekan, Davlat kotibi forum yakunlanganidan so‘ng aniq kelishuvlar eʼlon qilinishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

«Gap bu yerda biznes yuritadigan, bu yerda ularni mamnuniyat bilan qabul qiladigan va O‘zbekiston bozorida ishlashdan manfaatdor bo‘lgan kompaniyalar haqida ketmoqda. Forum yakunlari bo‘yicha ushbu kelishuvlarni eʼlon qilamiz», — dedi Rubio.

U kutilayotgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishning boshlanishi bo‘lishini taʼkidladi.

«Bu yakuniy nuqta emas, balki boshlanishdir», — deya qo‘shimcha qildi Davlat kotibi.

Mintaqaviy hamkorlik haqida gapirar ekan, Rubio so‘nggi yillarda AQSH Markaziy Osiyoga ko‘proq eʼtibor qarata boshlaganini qayd etdi. U bunga misol sifatida o‘tgan yili mintaqa mamlakatlari rahbarlari va O‘zbekiston Prezidenti bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarni keltirdi. Uning fikricha, Vashington AQSH Kongressi delegatsiyalarini mintaqaga tez-tez yuborib turishi kerak.

Davlat kotibi kelajakda Markaziy Osiyoga yana tashrif buyurishga umid bildirdi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda ikki tomonlama muzokaralar bilan bir qatorda “C5+1” formatidagi uchrashuvning o‘tkazilishi AQSHning mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilayotganini ko‘rsatadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.