Rossiya va O‘zbekiston temiryo‘lda hamkorlikni kengaytiradi

Rossiya va O‘zbekiston temiryo‘lda hamkorlikni kengaytiradi

Rossiya va O‘zbekiston temiryo‘lda hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya va O‘zbekiston transport mashinasozligi hamda temiryo‘l sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni davom ettirmoqda.

Rossiya Federatsiyasi hukumat raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov ishchi tashrif doirasida Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi. Ushbu korxona O‘zbekistonda yo‘lovchi vagonlarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish va qayta jihozlash bo‘yicha ixtisoslashgan yagona korxona hisoblanadi.

Qayd etilishicha, zavodda Rossiya texnologiyalari hamda temiryo‘l texnikasini ishlab chiqish, tayyorlash va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ko‘p yillik tajriba faol qo‘llanilmoqda. Hamkorlikning asosiy maqsadi Rossiya transport mashinasozligi mahsulotlarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirishdan iborat.

Manturov taʼkidlashicha, tarixan shakllangan muhandislik maktabi va ishlab chiqarish bazasi ikki davlat korxonalariga transport sohasidagi mavjud va istiqboldagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda murakkab vazifalarni birgalikda hal etish imkonini beradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda allaqachon keng faoliyat yuritmoqda. 2007 yildan buyon mamlakatga umumiy qiymati 30 milliard rubldan ortiq texnika yetkazib berilgan bo‘lib, ular orasida elektr poyezdlar, teplovozlar, metro vagonlari, yuk vagonlari, shuningdek dizel dvigatellari va butlovchi qismlar mavjud.

Shu bilan birga, taʼmirlash, servis xizmat ko‘rsatish, raqamlashtirish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish sohalarida hamkorlik rivojlanmoqda.

Qayd etilishicha, Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda.

Texnologik hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham alohida taʼkidlandi.

Xususan, o‘tgan yili “Transmashxolding” Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda «Innovatsion relsli transport» kompetensiyalarini rivojlantirish markazini tashkil etgan bo‘lib, u mutaxassislar tayyorlash va sohaviy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling