O‘zbekiston va Afg‘oniston savdoni kengaytirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdoni kengaytirishni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston Bosh vaziri Mulla Muhammad Hasan Oxund Qobulda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Jamshid Xodjayev bilan uchrashdi. Muzokaralarda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish hamda savdo va investitsiyalar sohasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Jamshid Xodjayev O‘zbekistonning davlat organlari vakillari, deputatlar, tadbirkorlar hamda investorlardan iborat katta delegatsiyasining tashrifidan maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash ekanini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Delegatsiya tashrifi Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi investitsiya va savdo sohalarida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirishni boshlash hamda ularning bajarilishi natijalarini baholashdan iborat.
Xodjayevning maʼlum qilishicha, o‘tgan yili Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti hajmi 150 mln dollarni tashkil etgan. Joriy yil boshidan bu ko‘rsatkich 111 mln dollarga yetgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar mazkur ko‘rsatkich yana o‘sishi kutilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Afg‘oniston fuqarolariga 5 mingta viza berganini taʼkidladi va buni mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona hamda iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi bilan bog‘ladi.
Mulla Muhammad Hasan Oxund O‘zbekiston delegatsiyasini mamnuniyat bilan kutib oldi va uning tashrifini ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash uchun muhim deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday nufuzli delegatsiyaning tashrifi va iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi O‘zbekistonning Afg‘oniston kelajagiga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.
Afg‘oniston Bosh vaziri, shuningdek, O‘zbekiston bilan munosabatlarni yana-da mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirib, erishilgan kelishuvlarni bajarishga tayyorligini tasdiqladi.