O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda 2028 yildan uglerod solig‘ini joriy etish taklif qilindi

UzDaily tahririyati · 04.08.2026 · 18:35 · 24 views
O‘zbekistonda 2028 yildan uglerod solig‘ini joriy etish taklif qilindi
O‘zbekistonda 2028 yildan uglerod solig‘ini joriy etish taklif qilindi / Foto: Soliq qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlil instituti yirik sanoat korxonalari uchun uglerod solig‘ini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishni taklif qildi. Tashabbus 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan «Fiskal muloqot»da taqdim etildi.

Institut taqdimotiga ko‘ra, tayyorgarlik bosqichini 2027 yilda o‘tkazish taklif etilmoqda. U atmosferaga chiqindilar inventarizatsiyasini o‘tkazish, soliq bazasini, soliq stavkalarini hamda soliq to‘lovchilar doirasini belgilashni nazarda tutadi. Uglerod solig‘ini 2028 yildan joriy etish, dastlab uni eng yirik chiqindi manbalariga nisbatan qo‘llash, keyinchalik esa boshqa korxonalarga ham bosqichma-bosqich tatbiq etish taklif qilinmoqda.

Soliq bazasi sifatida ikki variant ko‘rib chiqilmoqda: atmosferaga chiqarilgan karbonat angidrid (CO₂)ning haqiqiy hajmi yoki isteʼmol qilingan uglerodli yoqilg‘i hajmi. 2029–2030 yillarda esa oldindan eʼlon qilinadigan jadval asosida soliq stavkalarini bosqichma-bosqich oshirish taklif etilgan. Ayni paytda soliqning aniq parametrlari hali belgilanmagan, kutilgan fiskal samara esa 2028 yildan prognoz qilinmoqda.

Tashabbus mualliflari fikricha, uglerod solig‘ini joriy etish atmosferaga chiqindilar qiymatini korxonalarning ishlab chiqarish xarajatlariga kiritish imkonini beradi. Bu esa ularni energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga rag‘batlantiradi.

Mazkur mexanizm foydasiga yana bir asos sifatida xalqaro uglerod tartibga solish tizimining rivojlanayotgani keltirilgan. Institut fikriga ko‘ra, chiqindilar uchun ichki narx belgilash tizimini yaratish O‘zbekiston eksportchilari uchun xorijiy bozorlarda uglerod yig‘imlari joriy qilinishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar xavfini kamaytirishi mumkin.

Institut taʼkidlashicha, mazkur tashabbus tahliliy xususiyatga ega bo‘lib, hozircha qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi hisoblanmaydi.