O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda JSHDSning progressiv shkalasiga o‘tish taklif qilindi

UzDaily tahririyati · 04.08.2026 · 18:50 · 31 views
O‘zbekistonda JSHDSning progressiv shkalasiga o‘tish taklif qilindi
O‘zbekistonda JSHDSning progressiv shkalasiga o‘tish taklif qilindi / Foto: Soliq qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlil instituti o‘rta muddatli istiqbolda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining (JSHDS) progressiv shkalasiga o‘tishni taklif qildi. Mazkur tashabbus 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Fiskal muloqotda taqdim etildi.

Shu bilan birga, institut amaldagi asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirishsiz saqlab qolishni taklif etmoqda.

Taqdim etilgan prezentatsiyaga ko‘ra, foyda solig‘i stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i ham 12 foiz darajasida saqlanishi kerak.

Institut vakili taʼkidlashicha, JSHDSning yagona stavkasi 2019 yildan buyon amal qilib kelmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi daromadlarining o‘sishi va iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarni hisobga olganda, o‘rta muddatli istiqbolda progressiv soliqqa o‘tish soliqqa tortishda adolat tamoyiliga mos keladi.

Institut, shuningdek, qatʼiy summada belgilangan barcha soliq stavkalarini har yili prognoz qilingan inflyatsiya darajasiga muvofiq indeksatsiya qilishni taklif qildi. Tashabbus mualliflari bahosiga ko‘ra, bunday indeksatsiya yiliga taxminan 5–6 foizni tashkil etishi mumkin.

Yana bir taklif sifatida qatʼiy soliq stavkalarini bir yo‘la uch yillik davr uchun eʼlon qilish tavsiya etildi. Institut fikricha, bu biznesga narxlarni, shartnomalar tuzishni va ishlab chiqarish hajmlarini samaraliroq rejalashtirish imkonini beradi, shuningdek, tartibga solish bilan bog‘liq noaniqliklarni kamaytiradi.

Prezentatsiyada qayd etilishicha, taklif etilgan choralar institut tashabbusi hisoblanadi. Avvalroq Soliq qo‘mitasi JSHDSning progressiv shkalasiga o‘tish hozircha idora rejalariga kirmasligini maʼlum qilgan edi.

2025 yil iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham O‘zbekistonga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining progressiv shkalasini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya etgan edi.