O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

New Port turar-joy majmuasi qurilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

UzDaily tahririyati · 04.08.2026 · 18:40 · 21 views
New Port turar-joy majmuasi qurilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
New Port turar-joy majmuasi qurilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi / Foto: Toshkent prokuraturasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida qurilayotgan New Port turar-joy majmuasi qurilishida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Dastlabki tergov Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Tekshiruvga 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videomurojaat asos bo‘ldi. Unda “Damariq” mahallasi Abdulla Qahhor ko‘chasidagi 19-uy aholisiga tovon pullari to‘liq to‘lanmagani, shuningdek, bino noqonuniy ravishda buzilayotgani iddao qilingan.

Prokuratura maʼlumotiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv davomida «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari uy aholisini majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari hali yakunlanmagan bo‘lishiga qaramay, turar-joyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.

Bundan tashqari, tekshiruv mazkur hududda zarur ruxsatnoma hujjatlarisiz beshta obyekt qurilganini ko‘rsatdi. Ulardan biri 20 qavatli, ikkitasi 19 qavatli, bittasi 12 qavatli va yana bittasi ikki qavatli turar-joy binosidir.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Prokuraturada maʼlum qilishlaricha, tergov alohida nazoratga olingan bo‘lib, uning yakunlari bo‘yicha qonuniy protsessual qaror qabul qilinadi.