O‘zbekistonda 580 mingdan ortiq ijara shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston soliq organlarida 580,3 mingta ijara shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu shartnomalar bo‘yicha 634,8 mlrd so‘m soliq hisoblandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Jami shartnomalarning 403,4 mingtasi jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan. Ular bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i sifatida 491 mlrd so‘m hisoblangan.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar soni 17,7 foizga ko‘paygan, hisoblangan soliq miqdori esa 29,1 foizga oshgan.
Yana 176,8 mingta ijara shartnomasi yuridik shaxslar o‘rtasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ular bo‘yicha 143,8 mlrd so‘m soliq hisoblangan. 2025 yil yanvar–iyun oylariga nisbatan bunday shartnomalar soni 18,9 foizga, hisoblangan soliqlar hajmi esa 16 foizga oshgan.
Soliq qo‘mitasi, shuningdek, uy-joyini talabalarga ijaraga bergan mulkdorlar olingan daromadlar uchun soliq to‘lashdan ozod qilinganini eslatdi. 2026 yilning birinchi yarim yilligida taqdim etilgan soliq imtiyozlari miqdori 50,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu davrda talabalar bilan 82,4 mingdan ortiq uy-joy ijara shartnomasi tuzilgan. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar asosida ijarada yashayotgan talabalarning umumiy soni 111 964 nafarga yetgan.