O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

COAG-30 yig'ilishida oziq-ovqat xavfsizligi ustuvorliklari muhokama qilindi

UzDaily tahririyati · 22.07.2026 · 12:45 · 34 views
COAG-30 yig'ilishida oziq-ovqat xavfsizligi ustuvorliklari muhokama qilindi

COAG-30 yig'ilishida oziq-ovqat xavfsizligi ustuvorliklari muhokama qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Italiyaning Rim shahridagi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasi (COAG)ning 30-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning turli mamlakatlari vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va soha ekspertlarini bir maydonga jamlagan nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etdi.

Sessiya doirasida “Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati — 2026” (SOFI 2026) hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan vazir Ibrohim Abdurahmonov sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash nafaqat oziq-ovqatning yetarli bo‘lishi, balki uning xavfsiz, to‘yimli, xilma-xil hamda aholining barcha qatlamlari uchun hamyonbop bo‘lishini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

“Sog‘lom ovqatlanishning hamyonbopligi butun agrosanoat oziq-ovqat tizimiga bog‘liq. Shu bois bu maqsadga faqat ishlab chiqarishdan tortib iste’molchigacha bo‘lgan qiymat zanjiri bo‘ylab o‘zaro uyg‘un va muvofiqlashtirilgan choralar orqali erishish mumkin”, — dedi vazir.

Shuningdek, u O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtaldi. Xususan, 2025-yilda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish milliy strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

“O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sog‘lom ovqatlanish narxini pasaytirish uchun uch yo‘nalishda izchil harakat qilish zarur: to‘yimli oziq-ovqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, saqlash va logistika tizimini takomillashtirish hamda aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash”, — dedi Ibrohim Abdurahmonov.

Anjumanda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish, bioiqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, “Yagona salomatlik” (One Health) konsepsiyasini ilgari surish, shuningdek, qishloq hududlarini rivojlantirishda ayollar, yoshlar, oilaviy fermer xo‘jaliklari va dehqonlarning rolini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

SOFI 2026 hisobotida sog‘lom ovqatlanish narxining yuqoriligi ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashdagi asosiy muammolardan biri ekani qayd etildi. Muhokamalar davomida sog‘lom ovqatlanish narxiga ta’sir etuvchi omillar, hududlar kesimidagi tafovutlar, agrosanoat oziq-ovqat tizimidagi mavjud muammolar hamda ushbu yo‘nalishda samarali siyosiy va investitsiyaviy choralarni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston delegatsiyasining COAG-30 sessiyasidagi faol ishtiroki mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan izchil siyosatining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.