Oʻzbekiston va FAO hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va FAO hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov 2026-yil 20–24-iyul kunlari Italiyaning Rim shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasining (COAG) 30-sessiyasi ishida ishtirok etmoqda.
Sessiya doirasida vazir FAO Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mauritsio Martina bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va dasturlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida FAOning texnologiyalar va ilg‘or tajribalar markazini (Centre of Excellence) tashkil etish tashabbusi alohida ko‘rib chiqildi.
Mazkur markaz orqali xalqaro ilg‘or qishloq xo‘jaligi tajribalari va zamonaviy texnologiyalarni namoyish etish, ularni mamlakatimiz sharoitida sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonning agrar sohadagi tajribasini boshqa davlatlar bilan almashish imkoniyatlari yaratilishi ta’kidlandi.
Tomonlar FAO va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mauritsio Martinaga FAO Bosh direktori lavozimiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda omad va muvaffaqiyat tiladi.