Sankt-Peterburgda MDH davlatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Sankt-Peterburgda MDH davlatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlar Parlamentlararo assambleyasi doirasida “Davlatlararo hamkorlik va sayyohlarga favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish hamda MDH mamlakatlari fuqarolari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or milliy tajribadan foydalangan holda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish” mavzusidagi xalqaro sessiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda MDHga a’zo davlatlarning parlament vakillari, turizm sohasi mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Sessiya davomida mintaqada turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda tezkor hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda o‘zaro turistlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida delegatsiyalar o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar tashkil etilib, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda sayyohlar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, sessiya davomida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sayyohlarga favqulodda vaziyatlarda tezkor yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish, xavfsiz turizm standartlarini uyg‘unlashtirish hamda MDH hududida yagona va jozibador turistik makonni shakllantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, turizm sohasida tajriba almashishni izchil davom ettirish hamda amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.