O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 22.07.2026 · 12:40 · 31 views
Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Italiyaning Rim shahrida, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasining (COAG) 30-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmonlar vaziri Franchesko Lollobrijida bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda agrar sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda investitsiyaviy loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tarmoqni raqamlashtirish bo‘yicha islohotlar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayonda Italiyaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etish ikki mamlakat hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Tomonlar Italiyada sug‘urta va to‘lov tizimlarida qo‘llanilayotgan AntiFraud raqamli tizimini o‘rganish hamda uni O‘zbekistonda amaliyotga joriy etish yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Mazkur tizim sug‘urta va moliyaviy operatsiyalarda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muloqot davomida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Italiyaning Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazi (CREA) hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Italiyaning Bonifiche Ferraresi kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalarini jadallashtirish, ularning ijrosini tezlashtirish, shuningdek, Contratti di Filiera va Contratti di Distretto mexanizmlarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Franchesko Lollobrijida O‘zbekiston, Italiya va Ozarbayjon ishtirokida yo‘lga qo‘yilgan uch tomonlama hamkorlik formati qisqa muddatda muhim natijalar berganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur platforma o‘z samaradorligini amalda isbotlagan bo‘lib, uni kelgusida ham izchil rivojlantirish rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik agrar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, innovatsion texnologiyalar transferini kengaytirish, ilmiy almashinuvni faollashtirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.