O‘zbekiston va CFES bank uskunalarini ishlab chiqarishni muhokama qildi
O‘zbekiston va CFES bank uskunalarini ishlab chiqarishni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida Xitoyning “China Electronic Financial Equipment Systems” (CFES) kompaniyasi delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda bank uskunalari, bankomatlar, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari, POS-terminallar va aqlli kassa tizimlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferini amalga oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
CFES vakillari kompaniyaning ishlab chiqarish salohiyati, xalqaro tajribasi, shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi moliyaviy yechimlar, aqlli bank filiallari va raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalari haqida taqdimot o‘tkazdilar. Qayd etilishicha, kompaniya mahsulotlari dunyoning 100 dan ortiq mamlakat va hududlarida qo‘llaniladi.
Tomonlar O‘zbekistonda bank uskunalari va zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli investitsiya va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash hamda o‘zaro muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.