O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Jizzax viloyatida Sinoma kompaniyasining shamol turbinasi pichoqlarini ishlab chiqarish loyihasi davom etmoqda

UzDaily tahririyati · 20.07.2026 · 16:35 · 68 views
Jizzax viloyatida Sinoma kompaniyasining shamol turbinasi pichoqlarini ishlab chiqarish loyihasi davom etmoqda

Jizzax viloyatida Sinoma kompaniyasining shamol turbinasi pichoqlarini ishlab chiqarish loyihasi davom etmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida “Sinoma Wind Power Blade Central Asia” MChJ XK vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Jizzax viloyati Zomin tumanidagi erkin iqtisodiy zona hududida amalga oshirilayotgan shamol turbinalari parraklarini ishlab chiqarish loyihasi doirasida yuzaga kelgan amaliy masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillari ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni import qilish, bojxona imtiyozlaridan foydalanish, TN VED kodlarini aniqlashtirish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, loyiha doirasida foydalaniladigan xomashyoning asosiy qismi xorijdan import qilinadi. Mavjud mahalliy xomashyoni ishlab chiqarishga jalb etishdan avval esa uning texnik talablarga muvofiqligini aniqlash uchun laboratoriya sinovlari va sifat ekspertizasidan o‘tkazish talab etiladi.

Shuningdek, import kontrakti asosida olib kelinayotgan xomashyo dastlabki ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mo‘ljallangani, ishlab chiqarishning yillik quvvatini ta’minlash uchun zarur hajmdagi xomashyoni bir vaqtning o‘zida olib kirish amaliy jihatdan murakkab ekani bildirildi.

Agentlik vakillari tomonidan kompaniyaga loyiha bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlab, “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” davlat muassasasiga taqdim etish tavsiya qilindi.

Uchrashuv yakunida investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni tegishli tartibda ko‘rib chiqish hamda Agentlik vakolatlari doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha fikr almashildi.