Oʻzbekistonda xorijiy nufuzli oliy ta’lim olayotgan davlat xizmatchilari uchun kafolatlar muhokama qilinmoqda
Oʻzbekistonda xorijiy nufuzli oliy ta’lim olayotgan davlat xizmatchilari uchun kafolatlar muhokama qilinmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat davlat fuqarolik xizmatchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish, davlat organlari va tashkilotlarida professional va salohiyatli kadrlar qatlamini shakllantirishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi bilan davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha to‘liq grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan rozilik berishda o‘quv dasturining yo‘nalishi ushbu davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishini inobatga olish nazarda tutilyapti.
Loyihada o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatga ishlab berish majburiyati ham yuklanmoqda.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmatchisining xorijda o‘qish davri uning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi, ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilashda inobatga olinishi aks etmoqda.
Majlisda deputatlar tomonidan loyiha yuzasidan ayrim e’tirozlar bildirildi. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Qonun loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan takomillashtiriladigan bo‘ldi.