Oʻzbekiston va Xitoy iqtisodiy hamkorligini jadallashtirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy iqtisodiy hamkorligini jadallashtirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy iqtisodiy hamkorligini jadallashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-aprel kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoy Xalq Respublikasi tijorat vaziri oʻrinbosari Lin Szi bilan oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi hamda hamkorlik koʻlamini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

2025-yil yakunlariga koʻra, Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 34 foizga oʻsib, 17,8 milliard dollarga yetdi, respublikamizda faoliyat yuritayotgan Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 5 258 taga yetkazildi.

Xitoy tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi, shu munosabat bilan tegishli Ishchi guruh yigʻilishlarini har chorakda oʻtkazib turishga kelishib olindi.

Tomonlar Yangi iqtisodiy hamkorlik dasturini qabul qilishni tezlashtirish hamda “Raqamli ipak yoʻli” loyihalarini rivojlantirish yuzasidan yakdillik bildirdilar. Shuningdek, “yashil” minerallar sohasidagi hamkorlik va Xitoy Eksimbanki tomonidan Oʻzbekistondagi irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalarini moliyalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot yakunida boʻlgʻusi muhim tadbirlar, xususan, 6-may kuni Gonkongda oʻtadigan biznes-forum, Hukumatlararo qoʻmitaning sakkizinchi yigʻilishi hamda 20-22-may kunlari Sianda boʻlib oʻtadigan Uchinchi hududlararo forumga munosib tayyorgarlik koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling