Oʻzbekiston va Janubiy Koreya moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Xaydarov Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Budjet va buxgalteriya hisobi tizimlarini innovatsiya qilish byurosi rahbari, bosh direktor o‘rinbosari Yun Jong Shik bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar davlat moliyasini samarali boshqarish tizimini takomillashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Xususan, budjet jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali ularning samaradorligini oshirish, inson omilini kamaytirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligi va hisobdorligini kuchaytirish, davlat moliyasi ustidan jamoatchilik va institutsional nazoratni takomillashtirish, ma’lumotlarning ochiqligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Koreya fiskal axborot xizmati o‘rtasida davlat moliyasini boshqarish axborot tizimlarini rivojlantirish, tajriba almashish hamda institutsional hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Memorandum doirasida ilg‘or tajriba almashish, axborot tizimlarini integratsiya qilish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.

Tashrif davomida Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy sun’iy intellekt strategiyasi bo‘yicha kengash hamda Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi.

Mazkur muloqotlar doirasida delegatsiya a’zolariga Koreya Respublikasida davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli transformatsiya va innovatsion boshqaruv yechimlari yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, davlat moliyasini boshqarishda zamonaviy raqamli platformalarni joriy etish, ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida erishilgan natijalar taqdim etildi.

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga moslashtirgan holda joriy etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling