Oʻzbekiston va Jahon banki farmatsevtika sohasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki farmatsevtika sohasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17 aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Agentlik direktori tomonidan mamlakatimiz farmatsevtika sohasini kompleks rivojlantirish, xususan, “BioPharm City” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi islohotlar, eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, sifat va xavfsizlik standartlarini xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
O‘z navbatida, Jahon banki vakillari O‘zbekistonda farmatsevtika sohasining rivojlanish dinamikasini yuqori baholab, sohada eksportni rag‘batlantirish, sifat infratuzilmasini takomillashtirish hamda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tahlil ishlari olib borilayotganini maʼlum qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, sifat infratuzilmasini takomillashtirish hamda kadrlar salohiyatini kuchaytirish yo‘nalishlarida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.