O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Gruziyada boʻladi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 17:20 · 30 views
Oʻzbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Gruziyada boʻladi

Oʻzbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Gruziyada boʻladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2-3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

Tbilisi shahrida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili hamda Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston – Gruziya doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari oʻrin olgan.

Siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilinadi.

Tomonlar sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratadilar.

Shu bilan birga, transport-logistika sohasida hamkorlik qilish hamda mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish masalalari diqqat markazida boʻladi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashadilar.

Sammit yakunlari boʻyicha hamkorlikning turli yoʻnalishlarini qamrab oladigan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplamini imzolash rejalashtirilgan.