Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi Lutfiy ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarining maxsus ajratilgan yo‘laklarda buzilishini qayd etuvchi kameralar ishga tushirildi.
Videonazorat uzunligi 2,4 kilometr bo‘lgan yo‘l qismini qamrab oladi. U jamoat transporti, velosipedlar va boshqa individual harakatlanish vositalari uchun ajratilgan yo‘laklarda amalga oshiriladi.
Kameralar maxsus yo‘laklardan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida o‘rnatilgan. Jumladan, ular yo‘lning ushbu qismlarida avtomobillarning belgilangan talablarni buzgan holda harakatlanishi, to‘xtashi va to‘xtab turish holatlarini qayd etadi.
Kameralar orqali aniqlangan to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari buzilishi holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar rasmiylashtiriladi.
Lutfiy ko‘chasida qatnov qismining o‘ng cheti bo‘ylab jamoat transporti uchun “A” maxsus yo‘lagi tashkil etilgan.
Shuningdek, velosipedlar, elektrosamokatlar va boshqa individual harakatlanish vositalari uchun alohida yo‘laklar ham nazarda tutilgan.
Videonazorat tizimi poytaxtda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Uning asosiy vazifasi jamoat transporti uchun ustuvorlikni taʼminlash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va ajratilgan yo‘laklardan belgilangan maqsaddan tashqari foydalanishning oldini olishdan iborat.
Haydovchilarga yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari talablariga rioya qilish, avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarni egallamaslik, shuningdek, velosipedchilar va individual harakatlanish vositalari foydalanuvchilariga to‘sqinlik qilmaslik zarurligi eslatilmoqda.
Bunday yo‘laklarda qoldirilgan avtomobillar jamoat transporti harakatini sekinlashtirishi va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.