Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati tadbirkorlari Polshada xizmat safarida bo‘lib turibdi. Safardan maqsad savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Delegatsiyaga Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining Toshkent viloyatidagi loyiha ofisi rahbari Dilshod Rasulov boshchilik qilmoqda. Tashrif doirasida Polsha davlat idoralari, tarmoq tashkilotlari va yirik korxonalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Dastlabki muzokaralar Polsha qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yatsek Chernyak bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash milliy markazi (KOWR) rahbari Pyotr Kolada ham ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, eksport mahsulotlari turlarini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, shuningdek, transport-logistika masalalarini hal etishni muhokama qildi.
Alohida eʼtibor Ohangaron tumanidagi Polsha–O‘zbekiston savdo uyi faoliyati va uning ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlariga qaratildi.
Delegatsiya, shuningdek, Wody Polskie tashkiloti vitse-prezidenti Yatsek Yajombek va Polsha Infratuzilma vazirligi vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralarda suv xo‘jaligi hamda transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar suv omborlarini boshqarish, suv saqlash tizimlarini rivojlantirish, kanallar va nasos stansiyalari samaradorligini oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, suv xo‘jaligini raqamlashtirishda dronlar va sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“O‘zsuvtaʼminot” AJ vakillarining Polsha mutaxassislari bilan onlayn uchrashuvini tashkil etish, shuningdek, sohaviy vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Safar ishtirokchilari Polshadagi ishlab chiqarish korxonalariga ham tashrif buyurdi. Qishloq xo‘jaligi va kommunal texnika ishlab chiqaruvchi Pronar kompaniyasida texnika yetkazib berish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va dorivor o‘simliklarni qayta ishlashga ixtisoslashgan Dary Natury korxonasida delegatsiya ishlab chiqarish, qayta ishlash va qadoqlash jarayonlari bilan tanishdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarni Polshaga eksport qilish, jumladan, ularni qayta ishlab, tayyor mahsulot shaklida yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hokimlik maʼlumotlariga ko‘ra, uchrashuvlar hudud tadbirkorlarining xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Tashrif doirasida biznes-forum va B2B formatidagi uchrashuvlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.