Oʻzbekiston Markaziy bank faoliyatini tartibga solishni takomillashtirmoqda

Oʻzbekiston Markaziy bank faoliyatini tartibga solishni takomillashtirmoqda

Oʻzbekiston Markaziy bank faoliyatini tartibga solishni takomillashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish hamda kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni, korporativ boshqaruvni, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir va boshqa talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling