Oʻzbekiston Jahon banki yigʻilishida iqtisodiyotni muhokama qildi
Oʻzbekiston Jahon banki yigʻilishida iqtisodiyotni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 17-aprel kuni Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining bahorgi yig‘ilishlari doirasida «Shveysariya guruhi»ga a’zo-davlatlar Boshqaruvchilari va Boshqaruvchi o‘rinbosarlari ishtirokida Konstituensiya (Constituency) uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur bahorgi yig‘ilishlar 2026-yil 13–18-aprel kunlari Vashington shahrida bo‘lib o‘tib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan moliya vazirlari, markaziy bank rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xususiy sektor hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Konstituensiya uchrashuvi Jahon banki va XVJ tizimidagi bir guruh davlatlar (konstituensiya) vakillarini bir platformada jamlab, umumiy manfaatlar va hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishga qaratilgan muhim muloqot maydoni hisoblanadi.
Xususan, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank boshqaruv raisi Timur Ishmetov, Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev ishtirok etib, mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, barqaror iqtisodiy o‘sish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Konstituensiya uchrashuv doirasida muhokamalarda barcha hamkorlar uchun ustuvor bo‘lgan global iqtisodiyotdagi mavjud tendensiyalar va xatarlar, rivojlanayotgan davlatlar uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, infratuzilma, energetika va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi yo‘nalishlar bilan rivojlantirish, ustuvor masalalar yuzasidan tajriba va fikr almashinuv jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.