O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

"O'zbekneftegaz" uchta burg'ulash qurilmasini yetkazib berishni tezlashtiradi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 15:30 · 26 views
"O'zbekneftegaz" uchta burg'ulash qurilmasini yetkazib berishni tezlashtiradi
"O'zbekneftegaz" uchta burg'ulash qurilmasini yetkazib berishni tezlashtiradi   / Foto: "O'zbekneftegaz" AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi vitse-prezidenti Yuy Chunxiao boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi.

Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, xususan, umumiy qiymati 40 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan shartnomalar doirasida 450 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega uchta burg‘ilash qurilmasini yetkazib berish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda mamlakatda uglevodorod xomashyosi zaxiralarini ko‘paytirish, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini jadallashtirish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish “O‘zbekneftgaz” AJning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Abdug‘ani Sanginov burg‘ilash qurilmalarini belgilangan muddatdan avval yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqish muhimligini qayd etdi. Amaldagi jadvalga muvofiq, mazkur uskunalarni joriy yil dekabr oyida yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, tomonlar ishlab chiqarish jarayonlarini tezlashtirish va yetkazib berishni noyabr oyiga qadar ta’minlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Mazkur uskunalarning muddatidan avval yetkazilishi yangi quduqlarda burg‘ilash ishlarini tezroq boshlash, loyiha vazifalarini belgilangan muddatlardan oldin bajarish va tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.

“CNTIC” kompaniyasi vakillari “O‘zbekneftgaz” AJ bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirib, mavjud shartnomalar doirasidagi majburiyatlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihalarni samarali amalga oshirish, texnik va tashkiliy masalalar bo‘yicha doimiy muloqotni izchil davom ettirish hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan o‘zaro kelishib oldilar.