O‘zbekistonlik yosh og‘ir atletikachi Osiyo chempionatida bronza oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Og‘ir atletikachi Solixa Baxodirova O‘zbekiston terma jamoasiga og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidagi birinchi medalni olib keldi. Sportchi 45 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida musobaqaning bronza medali sohibi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi xabar berdi.
Baxodirova o‘smir qizlar o‘rtasidagi musobaqada ishtirok etib, “silkash” mashqida 64 kg vaznni ko‘tardi va bu natija unga qitʼa chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Ushbu medal O‘zbekiston terma jamoasining joriy yilgi o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidagi birinchi medali bo‘ldi.