Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ijaraga olingan avtomobilni boshqarib, yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va uni haqorat qilgan talabalarga oid materiallar prokuratura organlariga yuborildi. Hodisa ishtirokchilari sodir bo‘lgan voqea aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarda ham eʼlon qilgan.
Holat o‘rganilganda, mazkur shaxslar texnikumda tahsil olishi aniqlangan. Taʼlim muassasasida ularning xatti-harakatlari tanqidiy muhokama qilingan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 19-bandiga muvofiq, yo‘l harakati ishtirokchilari YPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 194-moddasida ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun javobgarlik belgilangan.
Xodimning harakatlariga rozi bo‘lmaslik fuqarolarni uning qonuniy talablarini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi. Agar fuqaro xodimning harakatlarini qonunga xilof deb hisoblasa, belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Hodisa bo‘yicha to‘plangan materiallar qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqish uchun prokuraturaga yuborildi.