O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi 2019 yildan beri ikki barobar qisqardi
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi 2019 yildan beri ikki barobar qisqardi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 2019 yildagi yalpi ichki mahsulotning 50 foizidan 2025 yilga kelib taxminan 25 foizgacha kamaygan. Bu haqda 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada qayd etilgan.
Hujjatga muvofiq, 2029 yilga kelib mazkur ko‘rsatkichni yalpi ichki mahsulotning 20 foizigacha tushirish rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 11,8 foizni, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlarda esa 19,7 foizni tashkil etadi.
Prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi farmoni bilan 2030 yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Ularga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 1,3 barobarga qisqartirish, aholining savdo va xizmatlar sohasidagi naqdsiz to‘lovlari ulushini 75 foizga yetkazish hamda rasmiy bandlikni kengaytirish vazifalari qo‘yilgan.
Bu maqsadlarga erishish uchun biznesning norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tishi shartlarini soddalashtirish, soddalashtirilgan soliq rejimiga ega subyektlarning umumiy soliq rejimiga o‘tishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, soliq intizomiga rioya qilayotgan soliq to‘lovchilar ustidan nazoratni qisqartirish, shuningdek, biznesni sunʼiy ravishda bo‘lish va aylanmani yashirishga qarshi kurash choralari nazarda tutilgan.
Naqd pul hisob-kitoblari ulushi yuqori bo‘lgan chakana savdo, umumiy ovqatlanish, qurilish, ko‘chmas mulk ijarasi, qishloq xo‘jaligi va transport tashuvlari sohalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
O‘rta muddatli soliq siyosatida foyda solig‘i va jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish, qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjirining uzluksizligini taʼminlash uchun QQS imtiyozlarini optimallashtirish, QQSni qaytarish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda aksiz solig‘i, resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i stavkalarini oshirish rejalashtirilgan. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda «soliq xarajatlari»ni baholash metodologiyasini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Yangi yo‘nalishlar qatorida «yashil soliqqa tortish» tamoyillarini joriy etish, islom moliyasi uchun alohida soliqqa tortish qoidalarini bosqichma-bosqich tatbiq etish hamda soliq va bojxona siyosatini Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashtirish belgilangan.
Shuningdek, ommaviy baholash natijalari asosida aniqlanadigan bozor qiymatiga tayangan holda ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimi ham takomillashtirilmoqda.