O‘zbekistonda uy-joy narxlari bir yilda 4,8 foizga arzonladi, ipoteka qarzdorlarining qarz yuki keskin kamaydi
O‘zbekistonda uy-joy narxlari bir yilda 4,8 foizga arzonladi, ipoteka qarzdorlarining qarz yuki keskin kamaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda uy-joyning bozor narxlari yillik hisobda 4,8 foizga pasaydi va hisoblangan fundamental qiymatdan standart og‘ish chegarasiga qaytdi. Bu haqda Markaziy bankning moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlum qilingan.
Shu bilan birga, so‘mning AQSH dollariga nisbatan mustahkamlangani sababli, dollar hisobida uy-joy narxlari 1,5 foizga oshgan.
Markaziy bank uy-joyning fundamental qiymatini to‘rtta model asosida baholaydi. Ular qatorida Bayes holatlar fazosi modeli hamda kvantil regressiya modeli mavjud.
Regulyatorning taʼkidlashicha, bozor narxlarining mazkur diapazonga qaytishi taklifning, jumladan yangi qurilishlar hisobiga ortishi, shuningdek aholi daromadlari ko‘payishi va ipoteka shartlarining yumshatilishi fonida narxlarning tuzatilishi bilan izohlanadi.
Xaridorlar xulq-atvori ham o‘zgarmoqda. Markaziy bank qayd etishicha, bozor ishtirokchilari aktivlar qiymatining o‘sishiga tayanishdan barqaror ijara daromadiga yo‘naltirilgan ehtiyotkor investitsiyalarga o‘tmoqda.
Yil davomida ijara stavkalari taxminan 3 foizga oshdi. Uy-joy narxlari o‘sish surʼati bilan ijara haqi o‘sish surʼati nisbati esa birdan past darajaga tushdi.
Qarz oluvchilarning qarz yuki sezilarli darajada kamaydi. Barcha majburiyatlari hisobga olinganda ipoteka oluvchilar uchun qarz to‘lovlarining daromadga nisbati (DSTI) o‘rtacha 49 foizni tashkil etib, bir yil ichida 22 foiz punktga pasaydi. Avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi esa 60 foizdan 37 foizga tushdi. DSTI darajasi 50 foizdan oshmaydigan qarz oluvchilarga berilgan kreditlar ulushi jami ajratilgan kreditlar hajmida 58 foizdan 74 foizgacha ko‘paydi.
Regulyator bu holatni makroprudensial talablar kuchaytirilgani bilan bog‘lamoqda. 2025 yil 24 iyuldan boshlab kredit summasining garov qiymatiga nisbati (LTV) bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovlar amal qilmoqda. Ularga ko‘ra, ipoteka kreditlari uchun LTV 85 foizdan oshmasligi kerak. Sharhda taʼkidlanishicha, mazkur cheklovlarning joriy etilishi ipoteka va avtokreditlarning garov bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilagan.
Banklardan tashqari sektordagi majburiyatlar ham hisobga olinganda, barcha jismoniy shaxs qarz oluvchilarning o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 38 foizdan 37 foizgacha pasaydi. Markaziy bank xulosasiga ko‘ra, shu fonda banklarning chakana kredit portfeli bo‘yicha yo‘qotishlar xavfi ham kamaygan.