O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki bir yilda 4 foizga qimmatlashdi

UzDaily tahririyati · 20.07.2026 · 10:15 · 78 views
O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki bir yilda 4 foizga qimmatlashdi

O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki bir yilda 4 foizga qimmatlashdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning II choragida O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki narxlari o‘tgan chorakka nisbatan 1,3 foizga, 2025 yilning II choragiga nisbatan esa 4,0 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Kvartiralar narxi chorak davomida 1,2 foizga, yillik hisobda esa 5,5 foizga oshdi. Yakka tartibdagi turar joylar narxi 2026 yilning I choragiga nisbatan 1,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 2,0 foizga ko‘tarildi.

Bir yil davomida eng katta o‘sish birlamchi bozordagi kvartiralar narxida kuzatildi. Ular 7,1 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, choraklik o‘sish 0,7 foizni tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda kvartiralar narxi chorak davomida 1,6 foizga, yillik hisobda esa 4,2 foizga oshdi.

Toshkent shahrida kvartiralar narxi 2026 yilning I choragiga nisbatan 1,3 foizga, yillik hisobda esa 3,9 foizga ko‘tarildi. Poytaxtning birlamchi bozorida o‘sish chorak davomida 1,0 foiz, yillik hisobda 5,0 foizni tashkil qildi. Ikkilamchi bozorda esa ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,5 foiz va 3,2 foizni tashkil etdi. Mamlakatning boshqa hududlarida kvartiralar narxi chorak davomida 1,1 foizga, yillik hisobda esa 7,0 foizga oshdi. Bunda birlamchi bozordagi yillik o‘sish 8,7 foizga yetdi.

Ikkilamchi bozorda yakka tartibdagi turar joylar narxi mamlakat bo‘yicha bir yilda 2,0 foizga oshdi. Toshkent shahrida uylar narxi chorak davomida 0,7 foizga arzonlashgan bo‘lsa, boshqa hududlarda 2,8 foizga qimmatlashdi. Yillik hisobda poytaxtda o‘sish 1,2 foizni, O‘zbekistonning boshqa hududlarida esa 2,7 foizni tashkil qildi.

2026 yilning II choragida uy-joy narxlarining yig‘ma indeksi 2024 yilgi bazaviy darajaga nisbatan 106,8 foizga yetdi. Kvartiralar uchun ushbu ko‘rsatkich 107,1 foizni, uylar uchun esa 106,1 foizni tashkil qildi.

2026 yilning II choragidan boshlab Milliy statistika qo‘mitasi uy-joy narxlari indekslarini gedonik regressiya usuliga asoslangan yangilangan metodologiya bo‘yicha hisoblamoqda.

Mazkur usul ko‘chmas mulk obyekti narxining uning maydoni, joylashuvi, qavati va boshqa xususiyatlariga bog‘liqligini modellashtiradi hamda bozordagi tarkibiy o‘zgarishlar taʼsirisiz narxlar dinamikasini aniq baholash imkonini beradi.

Endilikda indekslar nafaqat kvartiralar, balki yakka tartibdagi turar joylarni ham qamrab oladi. 2024 yildan boshlabgi maʼlumotlar esa o‘zaro taqqoslash imkonini taʼminlash maqsadida qayta hisoblab chiqilgan.

Hisob-kitoblar uchun asos sifatida OLX.uz platformasidagi ko‘chmas mulk sotuvi haqidagi eʼlonlardan foydalanilmoqda. Bunday maʼlumotlar yetarli bo‘lmagan hududlarda esa ko‘chmas mulk agentliklari va rieltorlarning Telegram-kanallaridagi eʼlonlar hisobga olinadi. Foydalanilayotgan barcha maʼlumotlar taklif narxlaridan iborat.

Indekslarni hisoblashdagi vaznlar Adliya vazirligi maʼlumotlariga asosan tuzilgan bitimlar soni va uy-joylarning o‘rtacha narxlari asosida belgilanadi. Vaznlar tuzilmasi har yili yangilanib boradi.