Moliya

O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsiz tadbirkorlar uchun maxsus hisobvaraqlar ochiladi

O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsiz tadbirkorlar uchun maxsus hisobvaraqlar ochiladi
O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsiz tadbirkorlar uchun maxsus hisobvaraqlar ochiladi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillaridan o‘tayotgan tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish qoidalari o‘zgartirildi. Kiritilgan tuzatishlar ularning pul mablag‘larini boshqarish uchun maxsus hisobvaraqlar ochishni nazarda tutadi.

Hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 20 oktyabrda 3420-3-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, tadbirkorga nisbatan sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomillari joriy etilganda, bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.

Bunda tadbirkorning asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlari bo‘yicha chiqim operatsiyalari to‘xtatiladi. Ushbu hisobvaraqlardagi qoldiq mablag‘lar hamda keyinchalik kelib tushadigan pullar maxsus hisobvaraqqa o‘tkaziladi.

Asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlarga taqdim etilgan to‘lov hujjatlari, jumladan, inkasso topshiriqnomalari, shuningdek, operatsiyalarni cheklash to‘g‘risidagi qarorlar ijro etilmasdan, ularni yuborgan tashkilotlar va organlarga qaytariladi.

Maxsus hisobvaraqdagi mablag‘larni faqat mijoz yoki sud boshqaruvchisining to‘lov topshiriqnomasi asosida tasarruf etish mumkin bo‘ladi.

O‘zgarishlar fuqarolarning o‘z bank hisobvaraqlari haqida maʼlumot olish imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Endi barcha hisobvaraqlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni istalgan bankdan so‘rab olish mumkin bo‘ladi. Ilgari buning uchun asosiy hisobvaraq ochilgan bankka murojaat qilish talab etilardi.

Bundan tashqari, bank hisobvarag‘ini ochishda xorijga chiqish uchun mo‘ljallangan biometrik pasportdan foydalanishga ruxsat beriladi.

Pul mablag‘larini boshqarishning yangi tartibi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarning hisob-kitoblarini tartibga solish va ularning to‘lov qobiliyatini tiklash uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.