Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun umumiy kasb bayramini taʼsis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Hujjat ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.
O‘zgartishlarga ko‘ra, amaldagi qonundagi «tibbiyot xodimlari» iborasini «tibbiyot va farmatsevtika xodimlari» iborasiga almashtirish taklif etilmoqda. Kasb bayramini har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlash rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida 50 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi. Aholiga 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutorlik tashkiloti va 14 mingdan ortiq dorixona xizmat ko‘rsatadi.
Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, ushbu o‘zgartishlar kasb bayrami to‘g‘risidagi qonunda qo‘llaniladigan atamalarni «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi hamda «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarda ishlatiladigan tushunchalarga muvofiqlashtiradi.
O‘zgartishlar qabul qilinishi farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi maqomini oshirish, shuningdek, ularni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.