Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Shveysariya iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Uchrashuv 14 oktyabr kuni Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger va O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar iqtisodiy aloqalarning joriy holati va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Moliya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, ISHONCH jamg‘armasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari va keyingi davrga mo‘ljallangan rejalarni muhokama qildi. Xususan, rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish, loyihalar samaradorligini oshirish va yangi qo‘shma tadbirlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni yana-da mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining Shveysariya tomoni bilan hamkorligi doirasida bo‘lib o‘tdi.