Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyodan boshlanadigan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar va ularning tranzit hamkorlarini birlashtiradigan oziq-ovqat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
Bu haqda Prezidentning Xalqaro paxta kuni hamda rivojlanayotgan dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aytilgan. Murojaat 2026 yil 7 oktyabr kuni eʼlon qilindi.
Prezident, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlarni oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sovutish omborlarida saqlash va tashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga chaqirdi.
«Biz oziq-ovqat mahsulotlari logistikasi va savdosining to‘liq erkinligini taʼminlash, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni tartibga soluvchi qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz», — deyiladi murojaatda.
Davlat rahbariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ikki baravar, eksport va qo‘shilgan qiymatni esa uch baravar oshirishni maqsad qilgan. Buning uchun mamlakat xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida.
Mirziyoyev oziq-ovqat narxlarining oshishiga iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va logistika zanjirlaridagi uzilishlar sabab bo‘layotganini taʼkidladi.
U BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga tayanib, dunyoda 645 milliondan ortiq kishi ochlikdan aziyat chekayotganini qayd etdi. Prezidentning taʼkidlashicha, xalqaro ekspertlar bahosiga ko‘ra, tegishli choralar ko‘rilmasa, 2028 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 milliard kishiga yetishi mumkin.
Murojaatda taʼkidlanishicha, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun yuqori transport xarajatlari va tranzit davlatlardagi muammolar jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bu omillar oziq-ovqat xavfsizligiga ham taʼsir ko‘rsatmoqda.
Murojaatning alohida qismi paxtachilikka bag‘ishlangan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida soha yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekistonlik olimlar paxtaning qariyb 300 ta tezpishar navini yaratdi, paxta ekish, parvarishlash va yig‘ib-terib olish jarayonlari to‘liq mexanizatsiyalashtirildi. Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga fermerlar bir gektardan 100 sentnergacha paxta yetishtirmoqda.
Mirziyoyevning taʼkidlashicha, Xalqaro paxta kuni O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va mamlakatni ishonchli hamkor sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.
Forumlarda 30 dan ortiq mamlakatdan olimlar, ekspertlar va tadbirkorlar, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.