Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 14 oktyabr kuni bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. 14 yoshga to‘lmagan shaxsni nomusiga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib qondirish uchun 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
«Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni Qonunchilik palatasi 30 sentyabr kuni qabul qilgan, Senat esa 2 oktyabr kuni maʼqullagan. Hujjat Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Mehnat kodekslari va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, shuningdek, oltita qonunga o‘zgartirishlar kiritadi. Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar 20 yildan 25 yilgacha uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu jinoyatlarga nisbatan javobgarlikka tortish muddatlari qo‘llanilmaydi. Bu qoida nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib qondirish bilan bog‘liq ayrim boshqa jinoyatlarga ham taalluqli.
Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun javobgarlik ham kuchaytirildi. Bunday jinoyatni qasddan sodir etgan shaxslarga shartli hukm tayinlanmaydi va ularga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi. Voyaga yetmagan shaxsga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish endi jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar tergov va sud jarayonida bolalarni himoya qilishga qaratilgan. Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha jabrlangan voyaga yetmaganlar va guvohlar davlat hisobidan advokat bilan taʼminlanadi. Agar bolaga qarshi jinoyatni uning ota-onasi, farzandlikka olgan shaxslar, vasiylar, homiylar yoki boshqa qarindoshlari sodir etgan bo‘lsa, sudgacha bo‘lgan ish yurituvidan tortib sud muhokamasigacha bo‘lgan barcha protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirok etadi. Jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlar bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va gumon qilinuvchi o‘rtasida yuzlashtirish faqat tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida o‘tkazilishi mumkin.
«Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonunga yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan yangi toifa — zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki uning guvohi bo‘lgan bolalar kiritildi. Ularga protsessual harakatlarda ishtirok etishga jalb qilingan paytdan boshlab yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning javobgarligi kengaytirildi. Endi bolalarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik bilan bir qatorda, ularga g‘amxo‘rlik qilmaslik ham jazolanadi. Bunda bolaning asosiy ehtiyojlarini qasddan qondirmaslik oqibatida uning sog‘lig‘iga, jismoniy, aqliy yoki axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishi nazarda tutilgan. Buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima belgilangan. Bolalar huquqlari bilan bog‘liq boshqa bir qator moddalar bo‘yicha jarimalar ham oshirildi.
Kodeksga ikkita yangi modda ham kiritildi. Bolalar o‘rtasida ular uchun taqiqlangan va sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni tarqatganlik uchun tegishli mahsulotni musodara qilish hamda jarima qo‘llash nazarda tutilgan. Jarima fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslar uchun esa 50 baravarini tashkil etadi.
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.
Mehnat kodeksiga mehnat shartnomasini bekor qilish uchun yangi asos kiritildi. Unga ko‘ra, bolalarni tarbiyalash va o‘qitish uchun masʼul bo‘lgan taʼlim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Qonun voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarini ham tugatishni nazarda tutadi. Ularning o‘rniga sud o‘smirlarni taʼlim tashkilotlari, tarbiya muassasalari va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalariga yuborishi mumkin.
Shuningdek, nazorat ostiga berish nomli yangi chora joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, sud 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirni ota-onasi yoki huquqbuzarliklar profilaktikasi organlari rahbarlari nazoratiga topshirishi mumkin.
Bundan tashqari, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlar yuzasidan, agar ariza beruvchining o‘zi shuni so‘rasa, unga yozma javob yuborilmaydi.
Qonunda qayd etilishicha, O‘zbekiston avvalroq Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgan va Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni tugatish bo‘yicha Global alyansga qabul qilingan. Shuningdek, mamlakatda 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlangan.