O‘zbekistonda alkogol uchun naqd to‘lovni qaytarish masalasi muhokama qilinmoqda
O‘zbekistonda alkogol uchun naqd to‘lovni qaytarish masalasi muhokama qilinmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda jamoat ovqatlanish muassasalarida alkogol mahsulotlarini sotib olishda naqd to‘lovni qayta joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida restoran va kafelarda alkogol mahsulotlari uchun hisob-kitoblarni nafaqat naqdsiz, balki naqd shaklda ham amalga oshirish imkonini beruvchi mexanizmni joriy etish rejalashtirilmoqda. Amaldagi tartibga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi allaqachon tayyorlangan va masʼul idoralar bilan kelishilmoqda.
Avvalroq, joriy yilning 1 aprelidan boshlab mamlakatda ayrim xizmatlar, jumladan alkogol mahsulotlarini sotish asosan elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi tartibi joriy etilgan edi.
Muhokamalar davomida xorijiy sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida mehmonxonalarda turistik yig‘imni naqd shaklda to‘lash imkoniyati joriy etilgani ham qayd etildi.
To‘lov shakllariga qo‘yiladigan talablarni yumshatish masalasi avval ham Soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida o‘tkazilgan Savdo-sanoat palatasining ochiq muloqotlari doirasida ko‘tarilgan edi.