O'zbekiston Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon banki bilan iqtisodiy o'sishni muhokama qildi

O'zbekiston Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon banki bilan iqtisodiy o'sishni muhokama qildi

O'zbekiston Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon banki bilan iqtisodiy o'sishni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro moliya institutlari (XMI) vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, barqaror iqtisodiy o‘sish omillari hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassin, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning O‘zbekiston bo‘yicha missiya rahbari Yasser Abdih, XVJning O‘zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat direktori Kanokpan Lao-Araya, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki Mijozlar bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Xong Vei hamda XMI va Iqtisodiyot va moliya vazirligining mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining barqaror saqlanib kelayotgani, ushbu o‘sish sur’atlarini davom ettirish va makroiqtisodiy muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar olib bordi.

Shuningdek, uchrashuvda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish hamda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Xususan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, jumladan, sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, kichik va o‘rta tadbirkorlik hamda transport-logistika sohalarini rivojlantirishda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, tomonlar demografik dividenddan samarali foydalanish, inson kapitalini rivojlantirish, IT, sun’iy intellekt va innovatsiyalar hamda hududiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarini kuchaytirish hamda barqaror infratuzilmani rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

 O‘z navbatida, xalqaro moliya institutlari vakillari tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, iqtisodiy va institutsional rivojlanish hamda biznes muhitini yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar yuqori baholanib, hamkorlikni samarali davom ettirish va yangi yo‘nalishlar bilan kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda yuqoridagi yo‘nalishlarda fikrlar almashinuvini kengaytirishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling