Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 19 oktyabr kuni Samarqand shahrida Zeppelin Group bosh ijrochi direktori Mattias Bens bilan uchrashdi.
Tomonlar kompaniya mahsulotlarini O‘zbekistonga yetkazib berish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Zeppelin Group qurilish sanoati, yuritma tizimlari va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi uskunalar hamda servis xizmatlarining xalqaro yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Guruh tarkibiga Zeppelin Cat, Zeppelin Rental va Zeppelin Power Systems brendlari, shuningdek, sanoat qurilmalarini loyihalash va qurishga ixtisoslashgan Zeppelin Systems bo‘linmasi kiradi.
Kompaniya konsalting, muhandislik ishlanmalari va sotuvdan tortib, uskunalarni ijaraga berish, kompleks loyihalarni amalga oshirish, texnik xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash va raqamli yechimlarni taqdim etishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli xizmatlarni ko‘rsatadi.
Zeppelin Group dunyoning 29 ta mamlakatida 12 mingdan ortiq xodimni ish bilan taʼminlaydi. 2025 moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, guruhning tushumi 4,4 milliard yevroni tashkil etdi.
Guruhning xolding kompaniyasi Fridrixsxafen shahrida ro‘yxatdan o‘tgan Zeppelin GmbH hisoblanadi.
Zeppelin Group bosh qarorgohi Myunxen yaqinidagi Garching shahrida joylashgan. Guruh Zeppelin fondiga tegishli.