O'zbekiston va Xalqaro valyuta jamg'armasi makroiqtisodiy islohotlarni muhokama qilishdi
O'zbekiston va Xalqaro valyuta jamg'armasi makroiqtisodiy islohotlarni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vashington shahrida Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jihad Azur o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish, fiskal intizomni mustahkamlash hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, XVJning IV-modda missiyasi doirasidagi tavsiyalar ijrosi, davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish, soliq va bojxona islohotlarini chuqurlashtirish, shuningdek, pensiya tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri, jumladan savdo, transport yo‘laklari, inflyatsiya va oziq-ovqat xavfsizligiga bo‘lgan ehtimoliy ta’sirlar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.