O'zbekiston va KAU uchuvchilarni tayyorlashni kengaytirmoqda

O'zbekiston va KAU uchuvchilarni tayyorlashni kengaytirmoqda

O'zbekiston va KAU uchuvchilarni tayyorlashni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov hamda Korea Aerospace University (KAU) prezidenti Xi Yon Xurr boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent davlat transport universiteti hamda KAU o‘rtasida tashkil etilgan uchuvchilarni tayyorlash bo‘yicha 1+2+1 qo‘shma taʼlim dasturining istiqbollari, shuningdek aviatsiya sohasida boshqa yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun, Korea Aerospace University Janubiy Koreyaning yetakchi ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanib, mamlakatning aerokosmik sohada global yetakchiga aylanishida muhim o‘rin tutadi. Universitet ilmiy-tadqiqot faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bo‘lib, o‘zining parvozlarni tayyorlash markazi hamda sunʼiy yo‘ldoshlarni boshqarish markazi kabi zamonaviy infratuzilmaga ega. Shuningdek, u Boeing, Airbus va NASA kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Muzokaralar chog‘ida KAU prezidenti tomonidan 2027 yilda Koreyada taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik uchuvchi-talabalarning yurtimizga qaytishi, ular uchun zarur infratuzilmani shakllantirish, shuningdek o‘quv mashg‘ulot havo kemalari va trenajyorlar bilan taʼminlash masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. 

Shu bilan birga, KAU tomoni O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan uchuvchilarni tayyorlash parvoz maktabiga o‘quv-metodik materiallar, darsliklar va zamonaviy dasturiy taʼminotni taqdim etishga tayyor ekanini, shuningdek uchuvchi-talabalarni malakali instruktorlar bilan taʼminlash imkoniyatlari mavjudligini maʼlum qildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan KAUga yuboriladigan kursantlarni kelgusida instruktor sifatida tayyorlab, yurtimizga qaytarish tashabbusi ilgari surildi. Taʼkidlanganidek, mazkur yondashuv uchuvchi kadrlar tayyorlash xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Qayd etish lozimki, 2023 yildan buyon O‘zbekistonda uchuvchilarni “boshlang‘ich tayyorlash” bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, bugungi kunda bir-biridan mustaqil 5 ta o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 4 562 nafar talaba ushbu yo‘nalishda tahsil olmoqda, ularning bir qismi xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda, jumladan Koreya va Sloveniyada taʼlim olmoqda.

Uchuvchilarni boshlang‘ich tayyorlash jarayoni xalqaro fuqaro aviatsiyasi talablariga muvofiq amalga oshirilib, nazariy bilimlar bilan bir qatorda kichik o‘quv havo kemalarida amaliy parvozlarni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichda Xususiy uchuvchi litsenziyasini (PPL) olish asosiy ahamiyatga ega hisoblanadi. Keyingi bosqichlarda esa uchuvchilarni qayta tayyorlash va yangi turdagi havo kemalariga moslashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda, Uzbekistan Airways Training Center uchuvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida zamonaviy infratuzilmaga ega ekanini taʼkidlash joiz. Markaz yuqori aniqlikdagi professional trenajyorlar bilan jihozlangan bo‘lib, xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritmoqda. Boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida esa Sloveniyaning «Egmont Aviation» akademiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda aviatsiya taʼlimi sifatini xalqaro standartlar asosida yana-da oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va yuqori malakali, raqobatbardosh uchuvchi kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling