O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbek kartoshkasining "Fontane" navi Bomiyonda sinovdan oʻtkazildi

UzDaily tahririyati · 27.07.2026 · 16:10 · 30 views
Oʻzbek kartoshkasining "Fontane" navi Bomiyonda sinovdan oʻtkazildi

Oʻzbek kartoshkasining "Fontane" navi Bomiyonda sinovdan oʻtkazildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlik doirasida Bomiyon viloyatida tajriba tariqasida ekilgan “Fontane” navli kartoshka maydonlarining holati o‘rganildi.

Loyiha doirasida jami 17 gektar maydonga eksportbop va sanoatda qayta ishlash uchun mos yuqori hosilli kartoshka ekilgan. Ekinlar Bomiyonning Shahidon, Folodi va markaziy hududlarida joylashgan.

“Fontane” navi yuqori hosildorligi, saqlashga chidamliligi va kartoshka fri hamda boshqa qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mosligi bilan jahon bozorida keng qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi masʼullari maydonlarga tashrif buyurib, ekinlarning holati, parvarish jarayoni va urug‘lik sifati bilan tanishdi. Mahalliy mutaxassislar ishtirokida hosildorlikni oshirishga qaratilgan amaliy maslahatlashuvlar ham o‘tkazildi.

Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, ekinlar yaxshi rivojlanmoqda va gektaridan 40–45 tonna atrofida hosil olinishi kutilmoqda.

Agar loyiha kutilgan natijani bersa, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va kelgusida Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga 300 ming tonnagacha yuqori sifatli kartoshka yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar kooperatsiyani mustahkamlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.