Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sportchilari Aichi–Nagoya–2026 Paraosiyo o‘yinlarida uchta oltin va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa chempionlari suzuvchilar Azizbek Boynazarov va Mubinabonu Xalilova, shuningdek, pauerlifter Muslima Nuriddinova bo‘ldi. Yana ikkita bronza medalini Muslima Odilova va Dmitriy Xorlin mamlakatimiz hisobiga yozdi.
Azizbek Boynazarov parasuzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida SM8 klassida 200 metrga kompleks suzish finalida g‘alaba qozondi. U 2 daqiqa 23,87 soniya natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egalladi.
Suzish bo‘yicha yana bir oltin medalni Mubinabonu Xalilova qo‘lga kiritdi.
U ayollar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga brass usulida suzish finalida 1 daqiqa 19,60 soniya natija bilan marraga yetib keldi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston vakili Muslima Odilova 1 daqiqa 30,11 soniya natija ko‘rsatib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Kumush medalni Yaponiya sportchisi qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida pauerlifting bo‘yicha 61 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Muslima Nuriddinova g‘olib bo‘ldi. U finalda 129 kilogramm toshni ko‘tarib, barcha raqibalaridan ustun keldi. Xitoy vakili 126 kilogramm natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi, Indoneziya sportchisi esa 115 kilogramm ko‘tarib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekistonga yana bir bronza medalini suzuvchi Dmitriy Xorlin keltirdi.
U erkaklar o‘rtasida S12 klassida 100 metrga orqa usulda suzish bahsida 1 daqiqa 5,77 soniya natija ko‘rsatib, uchinchi o‘rinni egalladi.