Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Samarqandda Google Cloud kompaniyasining davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘nalishi rahbari Marchin Krasuski bilan uchrashdi.
Tomonlar davlat boshqaruvida bulutli texnologiyalarni qo‘llash va mamlakat raqamli infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi C5+1 sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishtirokchilari davlat organlari faoliyatiga zamonaviy raqamli yechimlarni kengroq joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Davlat tashkilotlari faoliyatida bulutli texnologiyalardan foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish uchun Google Cloud‘ning xalqaro tajribasi va texnologik imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da rivojlantirish va tomonlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.